77 kishini o‘ldirgani uchun jazo o‘tayotgan norvegiyalik terrorchi Anders Breyvik qamoqxona ma’muriyati uning OAVlarga yo‘naltirilgan xatlarini tutib olayotgani haqida shikoyat qildi, deya xabar bermoqda The Local.
21 yilga hukm qilingan ekstremist ta’kidlashicha, shu vaqtgacha o‘z maktublarining 87 ta nusxasini turli gazeta, televideniye, shuningdek alohida shaxslar va tashkilotlarga jo‘natgan.
“Nahotki ular meni tiriklayin ko‘mmoqchi ekanligini tushunmasangiz?” — deb yozdi Breyvik Dagbladet tahririyatiga.
O‘tgan yilning dekabrida terrorchi saqlanayotgan qamoqxona ma’muriyati jinoyatchining xatlarini u siyosiy harakat tuzmasligi uchun musodara qilayotganini aytgan edi. Bunda gap taxminan 220 ta maktub haqida bormoqda.
Avvalroq 36 yoshli terrorchi Anders Breyvik Oslo universitetining siyosatshunoslik fakultetiga qabul qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Anders Breyvik 2011-yilda Oslo markazida tashkillashtirgan va amalga oshirgan terakti oqibatida 77 kishi halok bo‘lib, 151 kishi jarohat olgan. 2012-yilda u 21 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan, bu jazo cheklanmagan marta yangilanishi mumkin.
Izoh (0)