Yaponiya politsiyasi 16-iyun kuni mamlakat janubida faoliyat yurituvchi yirik “Kudokay” gangsterlik sindikatining uch nafar rahbarini hibsga olgani haqida e’lon qildi, deb yozadi “TASS”. Ular oddiy yakudzalardan millionlab dollarlik “hadyalar” yig‘ib olish bo‘yicha yirik ko‘lamli tizimga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
Ushbu ish bo‘yicha bosh figurant Yaponiya jinoyat dunyosining taniqli boshliqlaridan biri — “Kudokay” yetakchisi, 68 yoshli Satoru Nomuradir. U avvalroq hibsga olingan bo‘lib, hozirda qotillik va suiqasd qilishga urinish ayblovlari bilan sud bo‘lishini kutmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nomura o‘z guruhining oddiy a’zolaridan “tortiq” sifatida 227 million yena (1,8 million dollar)ga yaqin pul olgan. Mablag‘ o‘z oilasi a’zolarining shaxsiy bank hisoblariga taqsimlangan, ulardan 88 million yena (715,5 ming dollar) miqdoridagi daromad solig‘i ushlanmagan.
Fukuoka prefekturasi politsiyasi vakili aytishicha, oddiy bosqinchilarning mafiya boshliqlariga to‘lov to‘lash majburiyatlari jinoiy guruhlar a’zolarini yangi jinoyatlarga undagan.
Izoh (0)