2015-yil 10—12-iyun kunlari MEDEF International — Fransiya Korxonalari harakati delegatsiyasi tashrif bilan Toshkentda bo‘lib turibdi. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, missiya tarkibiga Fransiyaning aviatsiya sanoati, bank, mudofaa va xavfsizlik, energetika, atrof-muhit, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya va transport sohalaridagi 20 ta kompaniyasi vakillari ham kirgan.
MEDEF International bosh direktori Filipp Gotye boshchiligidagi delegatsiyaning uch kunlik tashrifi harakatning “Fransiya—O‘zbekiston” korxonalari rahbarlari kengashi tadbirlari doirasida tashkillashtirilgan. 2014-yilda Kengash Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Jak-Anri Els, O‘zbekiston TIAISV Elyor G‘aniyev va O‘zbekiston TIV Abdulaziz Kamilov tashriflari munosabati bilan Parijda uch marta yig‘ilgan.
Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilgan tashrif dasturi fransuz kompaniyalari vakillariga O‘zbekiston hukumati va tegishli davlat qo‘mitalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish, O‘zbekistonning yirik milliy kompaniyalari, shuningdek mamlakatdagi xalqaro moliyaviy institutlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish imkonini beradi.
Bundan tashqari, delegatsiya Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi nomidan uyushtiriladigan qabul va O‘zbekiston tomoni nomidan uyushtiriladigan rasmiy kechki ovqatda ham ishtirok etadi, bu esa kompaniyalarga tashrif davomida boshlangan almashuvlarni davom ettirish va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan yangi aloqalar o‘rnatishda yordam beradi.
Izoh (0)