31-mart kuni soat 16:00 da Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi tomonidan brifing o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Siyosiy Kengashi Markaziy apparati mas’ul xodimlari, faollar va OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda “Adolat” SDP matbuot xizmati xabar bermoqda.
Brifingda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi N. Umarovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtiroki va uning dastlabki natijalari xususida axboroti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, 29-mart kuni O‘zbekiston fuqarolari yana bir tarixiy voqelikning bevosita ishtirokchisi va guvohi bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylashdek muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etib, o‘z konstitutsion huquqini amalga oshirdi.
Prezidentlik saylovi tashkiliy jihatdan yuqori saviyada, milliy hamda xalqaro qonunchilik me’yorlari va talablariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazildi.
Saylov kuni O‘zbekiston “Adolat” SDPning barcha saylov shtablari to‘liq tarkibda faoliyat olib bordi. Hududiy va mahalliy saylov shtablaridan kelgan axborot va ma’lumotlar partiyaning markaziy shtabida umumlashtirilib, tahlil etib borildi.
Shuningdek, Respublika bo‘yicha partiyadan jami 90 mingdan ortiq kuzatuvchi ovoz berish jarayonlarini kuzatib bordi. Saylov jarayonlarida qonunbuzilish holatlari bo‘yicha partiya markaziy shtabiga va hududiy shtablarga hech qanday shikoyat yoki murojaatlar kelib tushmadi.
Bir so‘z bilan aytganda, saylov demokratik prinsiplarlarga to‘la mos holda, adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Adolat” SDPdan ko‘rsatilgan nomzod N. Umarov saylovchilar umumiy ovozining 2,05 foizini to‘pladi. Ushbu natija partiya uchun qoniqarli bo‘lmasa-da, umuman, mazkur saylov O‘zbekiston siyosiy maydonida partiyaning o‘rnini mustahkamlash, elektorati manfaatlarini ifodalash imkonini berganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Partiya rahbari bundan buyon ham saylovchilarga berilgan va’dalar ustidan chiqishga, “Adolat” SDP saylovoldi dasturida belgilangan maqsad-vazifalarni amaliyotga tatbiq etishga, elektorat manfaatlarini qat’iy himoya qilishga partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlaridagi deputatlik korpuslari hamda barcha faollarining kuch va imkoniyatlari safarbar qilinishini qayd etdi.
Izoh (0)