Ukraina Oliy Radasi deputatlari 4-fevral kuni o‘tkazilgan majlisda mamlakatning sobiq prezidentini rasman prezidentlikdan mahrum qilish bo‘yicha qonun qabul qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz” “TASS” axborotiga tayanib.
Qayd etilishicha, bu qonun loyihasi tasdiqlanishi uchun parlament deputatlarining 281 nafari ovoz bergan, qonun qabul qilinishi uchun 226 ovoz ham kifoya bo‘lar edi.
Xabarda ma’lum qilinishicha, bunday qonun mamlakat tarixida ilk bor qabul qilindi. Qonun hujjatida sobiq davlat rahbari Viktor Yanukovich barcha imtiyozlaridan va daxlsizlik huquqlaridan ham mahrum bo‘lgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Viktor Yanukovich 2010-yilning 25 fevralida Ukraina prezidenti etib saylangan edi. 2014-yilning 22-fevralida Oliy Rada uning prezidentlik vakolatlari tugaganini ma’lum qilgan.
Ushbu qonun loyihasi mualliflari Yanukovichni inson huquqlarini buzishda va jazodan qochib, mamlakat hududini tark etishda ayblab o‘tdi.
Qayd etish joiz, bu qonunning qabul qilinishi amaldagi Konstitutsiya bandlariga muvofiq emas. Ukraina bosh qonuniga ko‘ra, prezident vakolatlarining erta tugashiga faqat prezidentning o‘zi iste’fo berishi, sog‘lig‘idagi muammolar tufayli lavozimini bajara olmasligi, impichmentga uchrashi yoki vafot etishigina sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi manbada.
Izoh (0)