16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasida erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi:
Barchamizga ayonki, xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim manbai va omili hisoblanadi. Jahon tajribasi bugun aynan ushbu soha yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, aholi bandligini ta’minlash, odamlarning farovonligini oshirishda yetakchi o‘rin tutishini ko‘rsatmoqda.2014-yilda bozor xizmatlari ko‘rsatish hajmi 15,7 foizga o‘sdi, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 53 foizdan 54 foizga oshdi. Bugungi kunda iqtisodiyotda band bo‘lgan aholining 50 foizdan ortig‘i ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda. Har yili yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining, avvalambor, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun tashkil etilayotgan ish o‘rinlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i aynan mazkur soha hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu borada xizmatlar tarkibi ham tubdan o‘zgarib borayotganini ta’kidlash joiz. Mobil aloqa, yuqori tezlikda ishlaydigan internet, kabelli televizion aloqa, masofaviy bank xizmatlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar va texnologik uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish kabi zamonaviy yuqori texnologiyalar asosidagi xizmat turlari aholi o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda.
So‘nggi besh yilda an’anaviy maishiy va kommunal xizmatlar ulushi 16 foizdan 9,5 foizga tushdi, yuqori texnologiyalar asosidagi xizmatlar ulushi esa 21,2 foizga qadar ko‘tarildi.
Izoh (0)