Fransiyada gazeta tahririyatiga terakt uyushtirishda ayblanib bir necha kishi qo‘lga olindi
Fransiya bosh vaziri Manuel Vals Charlie Hebdo satirik haftanomasining tahririyatiga terakt uyushtirishda ayblanib bir necha kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Agence France-Presse.
Qo‘lga olinganlarning soni va ism-shariflariga oydinlik kiritmagan bosh vazir asosiy gumondorlar − aka-uka Sherif va Said Kuashi haligacha ozodlikda yurganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, agentlik Fransiya ichki ishlar vaziri Bernar Kaznevning 7 kishi qo‘lga olingani haqidagi so‘zlarini keltirgan.
Gumondorlarning yana biri − 18 yoshli Hamid Murod o‘z xohishi bilan politsiyaga kelib, bu voqealarga aloqasi yo‘qligini va bunga dalili borligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlarini bir necha guvoh tasdiqlagan.
8-yanvarga o‘tar kechasi Fransiya politsiyasi gumondorlarning barmoq izlarini aniqlash maqsadida Reymsda maxsus operatsiya o‘tkazgan. Shuningdek, Belgiya chegarasi yaqinidagi Sharlevil-Mezyer shahrida ham tintuv o‘tkazilib, ularning qarindoshi qo‘lga olingan. Unga nisbatan hech qanday ayblov e’lon qilinmagan, undan faqatgina ko‘rsatmalar olinishi ma’lum qilingan.