Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro uy qurish maqsadida Ko‘lijabbor qishlog‘idagi tadbirkordan 5 tonna sement sotib oladi. Tadbirkor sementning sifatiga “yuz foiz kafolat berib, yoqmasa pulini qaytarib berishini” qistirib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Sotuvchining tantiligidan xursand bo‘lgan xaridor ishni boshlaydi. Biroq imoratning poydevori qo‘yib bo‘lingach, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘z-o‘zidan nuray boshladi.
Ustalardan biri sementning eski ekanligini, endi poydevorni buzib, qaytadan boshlashga to‘g‘ri kelishini aytadi. Buni eshitgan xaridor jahl otiga minib, sotuvchiga shikoyat qiladi va pulini qaytarib berishini so‘raydi. Xaridorni hovuridan tushirish maqsadida sotuvchi “uni yeb ko‘rmagani va eskirganini bilmasligini” aytib, o‘rniga yana 5 tonna sementni bepul berishini, bu sement “yap-yangi, kechagina zavoddan to‘g‘ri olib kelinganini” ma’lum qilib, xaridorni qaytarib yuboradi. Afsuski, u yana “laqqa tushgan” edi.
Bir emas, ikki marta pand yegan xaridor nihoyat, o‘z haq-huquqini talab qilib G‘ijduvon tuman Iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat etdi. Jamiyat mutaxassislari muammoni joyiga borib o‘rganishdi.
Xususiy tadbirkor xaridorga yaroqsiz sementni aldab sotganligi, sementdan namuna olinib, viloyat GOSNga qarashli laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganida, u haqiqatan ham o‘z kuchini yo‘qotganligi tasdiqlandi. Jamiyat Kengashining Fuqarolik sudi orqali xaridorga yetkazilgan zarar undirib berildi.
Izoh (0)