2014-yilning 23-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston — Litva siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Ushbu maslahatlashuvlarda qatnashish uchun Toshkent shahriga Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Rolandas Krishunas boshchiligidagi delegatsiya keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining axborot xizmati xabar bermoqda.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi masalalarni ikki tomonlama aloqalar doirasida, shu jumladan, O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi shaklida batafsil ko‘rib chiqdi.
Har ikki davlatda ham ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratilishi hamda muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muloqotni muntazam davom etishidan manfaatdor ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Toshkent shahrida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini kelishilgan vaqtda o‘tkazilishi o‘zaro manfaatli savdoni kengaytirish hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy industrial zonasi, “Angren” maxsus industrial zonasi kabi xorij investorlari uchun bojxona va soliq imtiyozlari amal qilayotgan hududlarda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini tadbiq qilishga ko‘maklashishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Litva ilmiy muassasalari va o‘quv yurtlari, madaniyat va san’at arborlari hamda jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
Tashqi siyosat idoralari vakillari xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha ham fikr almashdi.
Siyosiy maslahatlashuvlarda Litva elchisi Renatas Norkus ishtirok etdi.
Izoh (0)