Poytaxtdagi Eski jo‘va dehqon bozoriga deklaratsiyasiz va iste’molga yaroqli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, qo‘lbola usulda Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan spirtli ichimliklarni olib ketayotgan ayol qo‘lga olindi. “Huquq” gazetasining xabar berishicha, ayol umumiy narxi 4,2 million so‘mlik 300 litr spirtli ichimlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ushlangan.
Sud tomonidan fuqaro Nodira Egamnazarova (ism-familiya “Huquq” gazetasi tomonidan o‘zgartirilgan)ga nisbatan qonuniy jazo tayinlangan.
“Eng muhimi, bu kabi holatlarning aniqlanishi yurtimizda insonlar salomatligi va hayotini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilganidan dalolat beradi. Zero, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish har birimizning burchimizdir”, — deydi maqola muallifi, SVOJJDLQK departamentining bo‘lim katta surishtiruvchisi Ulug‘bek Mamarajabov.
Izoh (0)