2014-yilning 25—28-may kunlari Toshkent shahrida taekvondo bo‘yicha XXI Osiyo chempionati hamda taekvondoning Pumse yo‘nalishi III Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Osiyo taekvondo ittifoqi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Respublika taekvondo assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur qit’a chempionatlarida 34 davlatdan 542 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
XXI Osiyo chempionatida O‘zbekiston sharafini 12 nafar (6 nafar erkaklar — 6 nafar xotin-qizlar) sportchi himoya qilsa, Pumse yo‘nalishi bo‘yicha III Osiyo chempionatida 16 nafar o‘zbekistonlik sportchi bahs yuritadi.
Musobaqalarning tantanali ochilish marosimi “O‘zbekiston” sport saroyida 25-may kuni soat 18:30 da boshlanadi.
Osiyo chempionatida har bir vaznda 1—6-o‘rinlarni egallagan sportchilar 2016-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga dastlabki reyting ochkolarini qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)