O‘zbekiston Respublikasi aeroportlaridan uchib ketadigan yo‘lovchilarning qo‘l yuki tarkibida barcha turdagi suyuqliklar, aerozollar va gellarni olib ketishning man etilishi to‘g‘risidagi buyruq bekor qilindi. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining saytida ma’lum qilingan.
“2014-yilning 1-mayidan ‘Havo kemasi sahniga yo‘lovchilar tomonidan qo‘l yuki bilan va bojsiz savdo mahsulotlari tarkibida olib kiriladigan suyuqliklar, gellar va aerozollarning aviatsion xavfsizligini nazorat qilish tartibi haqida muvaqqat yo‘riqnoma’ga o‘zgartirish kiritildi”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.
O‘zbekiston Respublikasi aeroportlaridan uchib ketadigan yo‘lovchilarga quyidagi shartlarga amal qilgan holda qo‘l yuki tarkibida va yonida barcha turdagi suyuqliklar, aerozollar va gellarni olib ketishga ruxsat beriladi:
- barcha suyuqliklarni sig‘imi 100 millilitrdan ziyod bo‘lmagan idishlarda olib ketish lozim;
- sig‘imi 100 millilitrdan ko‘p bo‘lgan konteynerlarga joylashtirilgan suyuqliklar (idish qisman to‘ldirilgan bo‘lsa ham) tashish uchun qabul qilinmaydi;
- idishlar shaffof, zich yopiladigan, hajmi bir litrdan ortiq bo‘lmagan plastik paketlarga bemalol joylashtiriladigan bo‘lishi kerak;
- plastik paket aviatsiya xavfsizligi nazorati punktida maxsus texnik vositalardan foydalangan holda ko‘zdan kechirish uchun taqdim etilishi kerak.
Izoh (0)