O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21-aprel kuni Oqsaroyda Ispaniya Qirolligining Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Xose Manuel Garsia-Margaloni qabul qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro hayot, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining izchil va barqaror o‘sish sur’atlari, mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston bozorida Ispaniyaning Talgo, “Maksam”, “Initek energiya” kabi yetakchi kompaniyalari faoliyat yuritayotgani ikki tomonlama samarali hamkorlikning muvaffaqiyatiga misol bo‘la oladi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining doimiy muloqotlari iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Islom Karimov shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan biznes-forum ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ushbu anjumanda ishtirok etish uchun Ispaniyaning infratuzilma loyihalari va yuqori texnologiyalar sohalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrif buyurgan.
Uchrashuv so‘ngida X. M. Garsia-Margalo Ispaniya hukumati Raisi Mariano Raxoy Brey Islom Karimovga Ispaniyaga rasmiy tashrif buyurishni taklif etganini bildirdi. Mehmon Ispaniya rahbariyati bundan buyon ham ochiq siyosiy muloqot va ikki tomonlama manfaatli barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)