Toshkentda davom etayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Qit’a chempionatining dastlabki kuni o‘tkazilgan jamoaviy ko‘pkurash musobaqalarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi umumiy hisobda 236,5 ball jamg‘arib, bronza medal bilan taqdirlandi.
Iqtidorli sportchimiz Temur Qodirovning erkin, tayanib sakrash, xalqa, brus, turnikda bajargan mashqlari hakamlar tomonidan 81,55 ballga baholangan bo‘lsa, Elyor Islomovning chiqishlari 78,75 ballga loyiq topildi. Terma jamoaning chempionatdagi muvaffaqiyatida sportchilarimizdan Aziz Saidumarov, Mirabzal Fozilov va Hamid Sodiqovning ham hissasi katta bo‘ldi.