Toshkentdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida karate bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, Karate milliy federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 1500 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Chempionatning kumite bahslarida Rustam Ashurov, G‘ofir Zohidov, Jamshid Sayfutdinov, Samar Hamroyev, Abdulla Abduvahobov, Muhammadzoid Iminov, Muhammadrasul Mahmudov, Sardor Fayzullayev, Ahror Nizomboyev, Aziz Azizov, Sadriddin Saymatov va Shahboz Ahadov singari sportchilar o‘z vazn toifasida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Qizlar bahsida Hilola Badalova, Zamira Aliyeva, Zuhra Qurbonova, Barno Mirzayeva va Bahriniso Boboyeva kabi sportchilar mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
Musobaqada g‘olib bo‘lgan sportchilarning eng saralari terma jamoa tarkibida joriy yil Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.
Izoh (0)