Xitoy Davlat kengashi a’zosi Yan Szechi kelasi hafta rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi. “TASS” xabariga ko‘ra, u oktabr oyida Janubiy Koreya ishtirokida uch tomonlama sammitni tashkil etish masalasini muhokama qiladi.
Kyodo agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yan Szechi tashrif doirasida Yaponiya Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Syotaro Yati bilan uchrashadi — Yati bosh vazir Sindzo Abening tashqi siyosat masalalari bo‘yicha eng yaqin maslahatchisi hisoblanadi.
Sentabr oyi oxirida BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashgan Sindzo Abe va Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe Xitoy ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv tashkil etilishini “sabrsizlik bilan kutayotganini” alohida ta’kidlab o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, 2015-yil martida Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari so‘nggi uch yilda ilk bor o‘zaro uchrashib, qisqa muddatda uch tomonlama sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha kuchni safarbar etishga kelishib olgandi.
Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy yetakchilarining uch tomonlama so‘nggi uchrashuvi 2012-yil mayida Pekinda bo‘lib o‘tgandi. Shundan beri Tokioning Osiyo—Tinch okeani mintaqasidagi yaqin ikki qo‘shnisi bilan aloqalari hududiy bahslar va Ikkinchi jahon urushidan keyingi tarixning turlicha talqin etilishi ortidan sezilarli sovuqlashdi.
Xususan, Yaponiya bosh vaziri va hukumati a’zolarining Tokiodagi Yasukuni ibodatxonasini ziyorat qilishi Seul va Pekinning qattiq noroziligiga sabab bo‘lmoqda — mazkur ibodatxona Osiyo mamlakatlari uchun yapon mustamlakachiligi timsoli hisoblanadi.