Taqvodor yahudiylarga shanba kuni mobil telefondan foydalanishga ruxsat berildi. Bu haqda, “Exo Moskvi” xabariga ko‘ra, taniqli ravvin (yahudiy rohibi) Israel Rozen qaror chiqargan.
Taqvodor yahudiylarning aksariyati mazkur qarorni “inqilobiy” deb atamoqda. Qaror notinch vaziyat va doimiy terrorchilik xavfi mavjudligi munosabati bilan qabul qilingan.
Ravvinning qaroriga muvofiq, mobil telefondan faqat favqulodda xabarlarni qabul qilish uchungina foydalanish mumkin — oddiy qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, SMS-xabarlarni yo‘llash va qabul qilishga ruxsat yo‘q.
Isroil nashrlarining yozishicha, qarorning inqilobiyligi shundaki, u Tavrotda yahudiylar shanba kuni hech qanday ish bilan band bo‘lmasligi haqidagi cheklovga zid keladi.