AQSh prezidenti Barak Obama Oregon shtatining Rouzburg shahridagi kollejda yuz bergan otishma oqibatida vafot etganlarning qarindoshlari bilan uchrashdi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar bermoqda.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qilgan prezident AQSh ma’muriyati bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish uchun choralar ko‘rishi zarurligini ma’lum qildi.
“Ommaviy otishmalarni qanday qilib to‘xtatish mumkinligini tushunib olish uchun biz birlashishimiz lozim”, — deya qisqacha fikr bildirdi Obama. Ayni vaqtda, AQSh prezidentining qo‘shimcha qilishicha, bu kun, eng avvalo, halok bo‘lganlarning oilalari haqida qayg‘urmoq kerak.
Eslatib o‘tamiz, Rouzburg shahridagi Umpqua Community College kolleji hududida yuz bergan otishma oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. O‘qotar — 26 yoshli Kris Xarper-Merser o‘z joniga qasd qilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Merser odamlarni o‘ldirishidan avval ulardan qaysi dinga e’tiqod qilishini so‘ragan va faqat nasroniylarni otib tashlagan.
Qayd etish joiz, birgina 9-oktabrning o‘zida AQSh kollejlarida yuz bergan otishmalar natijasida ikki kishi — biri Arizona universitetida, ikkinchisi Xyustondagi Janubiy Texas universiteti yotoqxonasida halok bo‘ldi.