Rossiyada mehnat yetishmovchiligi kuchaygani bois, minglab shimoliy koreyalik ishchilar urush sharoitida og‘ir va mashaqqatli ishga jalb qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BBC nashri maxsus surishtiruv o‘tkazdi.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva frontga ketgan yoki mamlakatdan chiqib ketgan erkaklar o‘rnini to‘ldirish uchun tobora ko‘proq Shimoliy Koreya fuqarolaridan foydalanmoqda. 2024-yilda Rossiyaga 13 mingdan ortiq shimoliy koreyalik kirib kelgan, bu 2023-yilga nisbatan 12 barobar ko‘p degani. Ularning katta qismi “talaba vizasi” bilan kirgan, ammo ular amalda qurilish, tikuvchilik va IT sohasida ishlashmoqda. Ishchilarning aytishicha, ular kuniga 18-20 soatlab ishlashga majburlanadi, yiliga atigi 2 kun dam oladi.
“Har kuni uyg‘onib, yana shunday og‘ir kunni boshdan kechirish dahshat”, deydi Tae ismli sobiq ishchi.
Ba’zilar uyg‘onganida qo‘llari ishlamay qolganini, ish jarayonida hushidan ketib, ustalar tomonidan kaltaklanganini bildirgan. Ta’kidlanishicha Rossiyada yashash sharoiti ham juda og‘ir: ko‘pchilik iflos va odamga to‘la konteynerlarda yoki tugallanmagan binolarda sovuqdan himoyalanish uchun faqat brezent bilan yopilgan eshiklar ortida tunaydi. Jarohatlanganlar ham kasalxonaga yuborilmaydi.
Ishchilarning katta qismi maoshlarini ko‘rmaydi — oyliklarining asosiy qismi “sadoqat to‘lovi” sifatida Pxenyanga yuboriladi, qolgan kichik summa (100, 200 dollar) esa ular vatanga qaytgach beriladi. Bu ularning qochib ketishiga to‘sqinlik qilish maqsadida qilinmoqda. BBC’ga intervyu bergan Jin ismli ishchi boshqalarning ularni “qul” deb masxara qilganini aytib berdi.
“Bizga odam emasligimizni, faqatgina gapiradigan mashinalar ekanimizni aytishardi”, dedi u.
Mutaxassislarning fikricha, Kim Chen In va Vladimir Putin o‘rtasidagi hamkorlik natijasida bu ishchilar oqimi urush tugaganidan keyin ham davom etishi mumkin. 2025-yilda Pxenyan Moskvaga yana 50 mingdan ortiq ishchi yuborishni rejalashtirmoqda.

Izoh (0)