Toshkent shahrida ayrim ko‘chalardagi harakat tezligini 80 km/soatgacha ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov xalq deputatlari shahar kengashining 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida maʼlum qildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahrining Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun cheklangan yuqori tezlik chegarasini 80 km/soatga o‘zgartirish hamda 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakat yo‘nalishini tashkil etish taklif etildi.

Mazkur tashabbus o‘rganishlar natijalari, shuningdek, mahalliy va xorijiy tajriba tahlili asosida tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini taʼminlash va yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida ilgari surilayotgani taʼkidlangan.
YHXB vakili so‘nggi oylarda tez-tez svetoforlarning o‘chirilishiga sabab bo‘layotgan elektr taʼminotidagi muammolarga ham eʼtibor qaratdi.
“Svetoforlar ishlamay, tartibsizliklar yuzaga kelyapti. Besh-olti soat, sakkiz soat, ikki soatlab shunaqa holat bo‘lyapti. Yaʼni biz shunda nima qilyapmiz? Inspektorlarning jismoniy kuchidan foydalanyapmiz”, degan YHXB boshlig‘i o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, tezlik chegarasi 2023-yil aprel oyida 70 dan 60 km/soatga tushirilgandi.
Izoh (0)