O‘zbekistonda taksichilik o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanadigan faoliyat ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda 27-fevral kuni qabul qilingan “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi hamda ular ushbu faoliyat bilan litsenziya varaqasi asosida shug‘ullanishi belgilanadi.
2022-yil 1-sentyabrdan 2024-yil 31-dekabrgacha fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berilgandi. 2025-yil 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha prezidentga taqdimotda jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga doimiy ruxsat berilishi aytilgandi.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyati uchun litsenziya berishda yiliga BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi. Litsenziyada yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanadigan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs va uning avtotransport vositasi, faoliyat ko‘rsatish hududi hamda litsenziyaning amal qilish muddati haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilarning avtomobili tomiga Taxi tanish belgili fonar o‘rnatilishi lozim. Boshqa sohalarda mehnat shartnomasiga asosan band bo‘lgan fuqarolar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan holda transport vositalarida tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Bunday taksichilar bir yilda bir marta transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Shuningdek, har yili UzTrans axborot tizimi bazasiga kiritilgan ko‘p tarmoqli poliklinikalar va xususiy tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart.
Izoh (0)