AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya “butun Ukrainani egallamoqchi” ekanini aytdi. U bu va boshqa mavzular haqida NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Rossiya butun Ukrainadan voz kechishi shart. Chunki Rossiya butun Ukrainani xohlayapti. Agar men aralashmaganimda, ular butun Ukraina uchun jang qilishardi. Rossiyaga hozirgi hududlar kerak emas, unga butun Ukraina kerak”, dedi Donald Tramp.
24-aprel kuni Tramp Rossiya Ukrainadagi mojaroni hal qilish jarayonida katta yon berishga rozi bo‘lganini va Ukrainaning butun hududiga da’vo qilmayotganini aytdi. Keyinroq u Ukrainaga yo‘qotgan hududlarini, jumladan Qrimni qaytarish talablarini “bema’nilik” deb atadi.
The Wall Street Journal gazetasining xabar qilishicha, AQSHning Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha takliflari ro‘yxatiga, xususan, Qo‘shma Shtatlarning Qrimni Rossiyaga tegishli deb rasman tan olishi, Rossiya Federatsiyasining yangi hududlar ustidan nazoratini yashirin ravishda tan olishi, Ukrainaning NATOga qo‘shilish imkoniyati haqidagi munozaralarni kun tartibidan chiqarish kabi bandlar kiritilgan.
Aprel oyida AQSH prezidenti Moskva qanday yon berishga tayyorligi haqidagi savolga “Urushni to‘xtatish. Butun mamlakatni bosib olishni to‘xtatish” deya javob bergan edi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya “ancha katta yon berishlarga” rozi. Keyinchalik Amerika rahbari Vladimir Putin uni hurmat qilishini ta’kidlab, shu sababli Rossiya “butun Ukrainani egallab olmasligini” aytdi.
“Menimcha, aytaylik, u meni hurmat qiladi va men tufayli u butun Ukrainani egallab olmasligiga ishonaman, garchi uning qarori, tanlovi butun Ukrainani egallab olish bo‘lsa ham”, dedi Tramp.
Izoh (0)