Shri Lankada harbiy vertolyot halokatga uchrashi oqibatida olti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Mamlakat harbiy-havo kuchlari vakili, guruh kapitani Eranda Jiganagening ma’lum qilishicha, hodisa 9-may kuni yuz bergan.
Bell 212 rusumli vertolyot orolning markaziy qismida joylashgan Maduru Oya suv omboriga qulab tushgan. Vertolyot bortida o‘nga yaqin harbiy xizmatchi bo‘lgan.
“Vertolyotga jangovar harakatlar tugagani munosabati bilan o‘tkaziladigan paradga tayyorgarlik doirasida mashg‘ulot bajarish topshirilgandi. Afsuski, baxtsiz hodisa to‘rt nafar maxsus kuchlar askari va ikki nafar harbiy-havo kuchlari xizmatchisi shifoxonaga yetkazilganidan so‘ng olgan tan jarohatlari tufayli vafot etdi”, deydi Jiganage.
U halokat yuz berishining ehtimoliy sabablari haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan.
10-aprel kuni Nyu York shtatida vertolyot Gudzon daryosiga qulab tushishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Vertolyot bortida uchuvchi va ispaniyalik sayyohlar oilasi bo‘lgan: ikki nafar katta yoshli va uch nafar bola. Halokat sabablari noma’lum.
6-may kuni Buyuk Britaniyaning Kent grafligida G‘alaba kuni tadbirlari boshlanishidan bir necha soat oldin Ikkinchi jahon urushi (1939—1945-yillar) davridagi Spitfire qiruvchi samolyoti halokatga uchradi. Uchuvchi va yo‘lovchi jarohat olmagan.
Izoh (0)