Toshkent viloyati Bekobod tumanida tabiatga qariyb 17 milliard so‘m zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Keltirilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Bekobod tumanida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida huquqbuzarlar F.T. va U.Q. tomonidan Bekobod tumani “Achamayli” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidan yuk avtomobili hamda maxsus yuklovchi transport vositasi yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasi ortib, olib chiqib ketilayotgani aniqlandi.
Bu bilan prezidentning 2024-yil 1-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi 14-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning tegishli bandiga asosan hisoblanganda tabiatga 16 milliard 912 million 862 ming 600 so‘m zarar yetkazilgan.
Holatga huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi. Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Daryolar o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan
Prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga 2024-yil 1-maydan muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik ham kuchaytirildi.
Shunga qaramay, noqonuniy qum-shag‘al qazib olish davom etmoqda. 12-fevral kuni Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tabiiy qum xomashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olish holatlari fosh etildi. Toshkent viloyati Bekobod tumanida noqonuniy ravishda qum qazib olinishi oqibatida tabiatga 100 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi.
13-yanvarda Samarqandning ikki hududida qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 826 milliard so‘m zarar yetkazilgandi.
25-aprelda Toshkent viloyatida qum-shag‘alni noqonuniy ortganlar 4 mlrd so‘m to‘lashi haqida xabar berilgandi.
30-mayda Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olgan shaxsga chora ko‘rilgandi.
Izoh (0)