Andijondagi maktab o‘qituvchilarining taʼtil paytida ixtiyoriy-majburiy mehnatga jalb qilinishi direktorning ishdan bo‘shatilishi va katta miqdorda jarimaga tortilishi bilan yakunlandi. Ammo bu muammo shu bilan barham topdi, degani emas, albatta. Yuz bergan hodisa O‘zbekistondagi tizimli muammolardan birining yana bir bor bo‘y ko‘rsatishi, xolos.

Barchaga ayonki, har yili Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼullari o‘quv yili yakunida maktabda taʼmir uchun pul yig‘ish taqiqlanishini, kerakli mablag‘ mahalliy byudjetdan ajratilishini eʼlon qiladi. Ammo amalda baribir yana o‘quvchilardan pul yig‘iladi, o‘qituvchilar ixtiyoriy-majburiy mehnatga jalb qilinadi. Nega? Quyida mana shu savol atrofida fikr yuritamiz.
“Hokim maktabga pul ajratish tugul, biron marta tashrif buyurmagan bo‘lsa kerak”

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Andijondagi holat haqida fikr bildirarkan, u vaziyat qurboni bo‘lganini taʼkidladi.
Agar o‘qituvchilar bilan “ixtiyoriy-majburiy hashar” qilmaganida o‘sha direktor baribir ishdan bo‘shatilardi. Nima uchun deysizmi? Maktabi yangi o‘quv yiliga tayyormasligi, remont qilinmagani uchun.
Bu yo‘l faqat “o‘lim” yo‘li, tirik qolish omadga bog‘liq xolos. Video tarqalmaganda, tirik qolardi. Chunki videosi tarqalmagan, lekin hokim pul ajratmagani uchun o‘qituvchilarning o‘zi ishlayotgan maktablar juda ko‘p…, deydi u.
Blogerning taxminicha, Marhamat tumani hokimi “bu maktabga pul ajratish tugul, ehtimolki biron marta tashrif buyurmagan bo‘lsa ham kerak”.

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning fikricha, “Bu — ‘anjancha’ signal”: “Maktablarda o‘qituvchilarni taʼmirlashga, majburiy obunaga, yig‘di-yig‘diga jalb qilishda davom etaveringlar, bo‘ysunmaganlarni dars bermay jazola, lekin bildirma, internetga chiqib ketsa, o‘zing jazolanasan, haqparvar o‘qituvchilaring shikoyat qilib o‘tirmasin, befoyda”.
“Har yili vaʼda beriladi, mablag‘ emas”
“Daryo” jurnalisti maqolani tayyorlash davomida O‘zbekistonning bir nechta hududidagi maktab direktorlari va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Tabiiyki, ular shaxsi sir qolishini so‘radi.
Faqat vaʼda beriladi, pul emas. Jamoatchilik oldida qop-qop vaʼda berilsa-da, keyin direktorning o‘ziga yuklab qo‘yishadi. Direktor bechora nima qilsin? U keyin o‘qituvchilarga aytadi. Biz o‘qituvchilar baribir ota-onadan yordam so‘raymiz. Homiylik qiladiganlar bor. Yetmasa keyin o‘qituvchilar ham pul yig‘amiz. Shunday qilib, har yilgi maktab taʼmirini baribir o‘zimiz qilamiz. Hokimiyat hech qachon yordam bermagan, deydi Surxondaryo viloyatidagi maktablarning birida faoliyat yurituvchi o‘qituvchi.
Yana bir o‘qituvchining bildirishicha, ular har yili oylik maoshidan 350-400 ming so‘mgacha pul sarflab, maktabni o‘zlari taʼmirlaydi.
Hokimiyatga, vazirlikka ishonishning foydasi yo‘q. Baribir pul berishmaydi. O‘zing uchun o‘l yetim deganlaridek, sinf rahbarlar sinfxonamiz uchun 350-400 ming so‘mdan pul yig‘ib, o‘zimiz taʼmirlaymiz. Maktab zali va kirish qismlari uchun esa barcha o‘qituvchilar qo‘shimcha pul yig‘amiz. Taʼmir uchun pul beriladi degan gaplar faqat jamoatchilik uchun aytiladigan gaplar, deydi u.
Boshqa bir suhbatdosh o‘qituvchining fikricha, maktab taʼmiri bilan bog‘liq muammoning ildizi juda chuqur: “Har safar taʼmir uchun o‘quvchilardan pul yig‘ish mumkin emas deyishadi-yu, ammo qanday taʼmirlaymiz degan muammoga yechim topishmaydi. Muammo baribir o‘sha maktab direktori va o‘qituvchilari zimmasida qoladi. Hech kim, hatto vazirlik ham buni bilsa-da, bilmaslikka, ko‘rmaslikka oladi”.
“So‘rasangiz, qurilish materiali va bo‘yoq berishadi”
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan maktab direktori taʼmir uchun mablag‘ emas, bo‘yoq va shunga o‘xshash kerakli qurilish materiallari berilishini aytdi.
“O‘tgan yili maktabimiz uchun kerakli bo‘yoq va qurilish materiallarini oldim. Direktor izlanmasa, masʼul tashkilotlarga borib so‘ramasa unga birov mana bir quti bo‘yoq deb oldiga olib kelib bermaydi. O‘zi harakat qilib, so‘rab olishi kerak. Hokimlik taʼmirga umuman yordam bermaydi deb bo‘lmaydi. Ular ham imkoniyatidan kelib chiqib, ko‘maklashadi”, deydi maktab direktori.
Yana bir maktab direktori maktab ta’miri va mahalliy hokimlikning bunga mablag‘ ajratishi bilan bog‘liq voqeani esladi.
Bir yili Surxondaryoda zo‘r tomosha bo‘lgan. Viloyat rahbari boshchiligida maktab direktorlari bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqotda barcha maktablar uchun yil yakunidagi ta’mirga barcha qurilish materiallari berilishi e’lon qilinib, zal to‘rida terib qo‘yilgan bo‘yoqlar, gulqog‘ozlarga ishora qilishdi. Viloyat hokimi mas’ullarga topshiriq berib, mavjud qurilish materiallarini adolatli taqsimlashni buyurdi. Viloyat rahbari zalni tark etgach, topshiriqni olgan mas’ullar qurilish materiallarini adolatli taqsimlash uchun hisob-kitob qilinishini bahona qilib, bu ishni bir kun keyinga qoldirdi. Bir kundan so‘ng kelib, o‘zimizga kerakli narsalarni so‘rasak, ular tadbirkorlarga tegishli ekanini, o‘sha kungi muloqot uchun vaqtincha olib turilganini aytishib, “egalariga qaytarib berildi, uni sizlarga bersak, pulini kim to‘laydi”, deyishdi. Shunday qilib, yaxshi tomosha qo‘yishgan, deydi sobiq maktab direktorlaridan biri.
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalaridan birining boshlig‘i maktab taʼmiri uchun direktorlarda qo‘shimcha imkoniyat ham borligini bildirdi.
To‘g‘ri, aslida maktablarning o‘quv yili yakunidagi taʼmiri va yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan. Ammo direktor harakatchan bo‘lsa faqat hokimlik qo‘liga qarab qolmasdan qonuniy daromadlaridan ham taʼmirni amalga oshirsa bo‘ladi. Bugungi kunda maktab direktorlarida daromad qilish imkoni bor. Masalan maktab oshxonasini auksion savdoga qo‘yib, undan foydalanayotgan tadbirkordan har oy ijara sifatida olinayotgan daromad. Shuningdek, maktabning zamonaviy sport zallarini darsdan so‘ng pul evaziga ijaraga berib topayotgan daromadi va maktab tomorqasidan kelayotgan daromadlar evaziga ham buni amalga oshirsa bo‘ladi, deydi boshqarma boshlig‘i.
“Pul bermagan o‘quvchi o‘qituvchiga, o‘qituvchi esa direktorga yomon ko‘rinadi”
“Daryo” muxbiri ayrim ota-onalar bilan ham suhbatlashdi. Ulardan birining aytishicha, maktab taʼmiri uchun pul yig‘ish taqiqlanganini biladi, ammo farzandi bosim ostida qolmasligi uchun pul berishga majbur.
Bilamanki, bu ish maktab direktori va o‘qituvchilari zimmasidagi ish. Maktab taʼmiri uchun pul bermagan o‘quvchi o‘qituvchisiga yomon ko‘rinadi, o‘quvchilaridan pul yig‘olmagan o‘qituvchi direktorga. Direktor esa mahalliy hokimlik va bo‘lim mudiriga yomon ko‘rinadi. Xullas bu zanjir. Toki muammo yechilmagunga qadar zanjir uzilmaydi. Buni yaxshi bilganimiz uchun ham tinchgina pul beramiz, deydi ulardan biri.
Nima qilmoq kerak?
Qoidaga ko‘ra, maktablarni qurish, taʼmirlash, jihozlash — hokimliklar zimmasida. Lekin amalda bu qoida deyarli ishlamaydi. Chunki nazorat va so‘rov yo‘q.
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligiga masʼul hokimlarga hududidagi har bir maktab taʼmiri uchun qancha mablag‘ ajratganini asoslovchi maʼlumotlar orqali hisobot berish majburiyatini qo‘yishni taklif qildi.
Hurmatli deputatlar, hokimlarga maktablarga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha Parlamentga va jamoatchilikka hisobot topshirishni (har bir maktab kesimida) majburiy qilib qo‘yadigan qonunni qabul qilaylik. Shunchaki bittagina jadval bo‘ladi: hududdagi maktablar nomi va uning yonida nimaga qancha mablag‘ ajratilgani ko‘rsatiladi. Yo‘qsa, biz har safar maktab direktorlarini jazolab yuraveramiz, deydi bloger.
Yana ham osonrog‘i — bir-birimizni aldamaylik. Maktab taʼmiri uchun pul ajratilmagan bo‘lsa, direktor emas, hokimlik jazolansin. Yoki hokimlikka pul ajratmagan vazirlikdagi masʼullarga chora ko‘rilsin. Agar davlat maktab taʼmiri uchun byudjetdan mablag‘ ajrata olmasa, buni ham ochiq eʼlon qilish kerak. Ana shunda yagona aybdor maktab direktori bo‘lmaydi.
Izoh (0)