Surxondaryo viloyatida 20 dan ziyod bo‘g‘ma va kobra ilonlar tabiatga qo‘yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Keltirilishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari hamda Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari hamkorligida 6 bosh O‘rta Osiyo kobrasi va 17 bosh sharq bo‘g‘ma iloni — jami 23 bosh ilon tabiatga qaytarildi.
Mazkur ilonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan va olib qo‘yilib, Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgandi. Endi esa Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining ilmiy xulosasi asosida “Surxon” davlat qo‘riqxonasining Kampirtepa, Sherjon va Sholkon hududlariga qo‘yib yuborildi.
Ma’lumot uchun, O‘rta Osiyo kobrasi va Sharq bo‘g‘ma iloni zaifga yaqin, mozaik tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES’ning II Ilovasiga kiritilgan. Qizil kitobdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo kobrasi hozirda ayrim yashash joylarida butunlay yo‘q bo‘lib ketgan, qolganlarining soni kam uchraydi. Sharq bo‘g‘ma ilonining soni haqida esa aniq ma’lumotlar yo‘q.
Toshkentdagi bozorda ilonning boshini uzib, uni so‘ygan qizga chora ko‘rilgan edi.
Buxoroda erkak echkiemar og‘ziga nos solib, shafqatsiz munosabatda bo‘lgandi. Toshkentdagi bog‘da esa odamlar orasida bahaybat ilon o‘rmalab ketayotgani aks etgan video yuzasidan izoh berilgandi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida noqonuniy saqlanayotgan sher hayvonot bog‘iga topshirilgan edi. Shuningdek, Toshkent shahar Olmazor tumanida fuqaro o‘z uyida Qizil kitobga kiritilgan qushlarni saqlab kelayotgani aniqlangandi.
Izoh (0)