Turkiyaning Nig‘de viloyatidagi yirik fermer xo‘jaliklari O‘zbekistondan qonuniy asosda ishchi kuchini jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va Migratsiya agentligi vakillari amaliy safar bilan ushbu viloyatda bo‘lib, Nig‘de viloyati Chorvadorlar uyushmasi rahbari Bilgexan Guney bilan uchrashdi.
Uyushma rahbari muloqot avvalida mazkur tuzilma 14 000 dan ortiq chorvadorlarlarni birlashtirishini, ular bugungi kunda malakali ishchi kuchiga ehtiyoj sezayotganini va mazkur bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb etishga yaqindan ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Turkiya vakili O‘zbekiston rahbariyati tomonidan migratsiya jarayonlarini tartibga solish, xavfsiz va tizimli mehnat migratsiyasini tashkil etish, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mamlakat fuqarolarini hamda ularning oila-a’zolarini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilinayotgan dasturlar va ularning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
Suhbat yakunida uyushma rahbari bilan O‘zbekistondan qonuniy asosda ishchi kuchini jalb etish va Nig‘de viloyati mehnat bozoridagi amaldagi talablarni batafsil o‘rganish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.
O‘zbekiston vakillari Tug‘rul zotdor qoramollar va sut mahsulotlari yetishtirish korxonasi ham bo‘ldi. Dastlab bu yerda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralarda O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy ravishda ishga joylashtirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Ma’lum qilinishicha, korxona tomonida ishchilar munosib maosh, uch mahal ovqat va yotoqxona bilan ta’minlanadi. Shuningdek, viza bilan bog‘liq masalalar hamda ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish va boshqa hujjatlar bilan bog‘liq masalalar Turkiya tomoni zimmasida.
Sloveniyaga o‘zbekistonlik shifokorlar yuqori maoshli o‘rinlarga ishga taklif qilinayotgani ham ma’lum qilingandi. Oylik ish haqi 2 500 yevroni tashkil etadi.
Izoh (0)