Bugun, 21-iyul kuni tongda Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarda changsimon tutun kuzatildi. Ekologiya vazirligi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hududda atmosfera havosi ifloslangani bilan bog‘liq vaziyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda. Ayni damda ifloslanish manbalari tekshirilyapti.
Navoiy shahar sanoat hududlari atrofida tahlillar o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, “Navoiyazot” va “Sagda Kimyo” korxonalari atrofida ifloslantiruvchi moddalar miqdori meʼyordan yuqori emasligi aniqlangan, deyiladi manba xabarida.
Boshqarma avvalroq “Navoiyazot” atrofida tahlil ishlari olib borilganini eslatgan. Natijalarga ko‘ra, hudud atmosferasi tarkibida ammiak 1,4 baravar, vodorod sulfid 16,8 baravar meʼyordan yuqori ekani maʼlum bo‘lgan.
Ayni paytda ushbu hududda joylashgan bir nechta sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish uchun tekshiruvlar tayinlangan. O‘rganish jarayonlari bevosita jamoatchilik vakillari ishtirokida olib borilishi rejalashtirilgan. Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
Avvalroq “Navoiyazot” AJ holatga munosabat bildirib, havo ifloslanishi kompaniya faoliyati bilan bog‘liq emasligini maʼlum qilgan. Korxonaning yozishicha, changsimon tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqqan.
Navoiy shahri hududida changsimon tutun 13 va 19-iyul kunlari ham kuzatilgandi. Navoiy viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi buni “Navoiyazot” korxonasi faoliyati bilan bog‘lagan. Tekshirish ishlari yakuni bilan qo‘shimcha axborot berilishi xabar qilingan.
Izoh (0)