Olimlar ruhiy zo‘riqishni kamaytirishning kutilmagan usulini aniqlashdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, hattoki shafqatsizlik va zo‘ravonlik sahnalari mavjud bo‘lgan videoo‘yinlar ham stressni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Lyuksemburg universiteti olimlari A Plague Tale: Requiem nomli videoo‘yinni o‘rganib chiqdi. Tadqiqotda ishtirokchilar ushbu o‘yinni o‘ynadi, olimlar esa ularning stress darajasiga e’tibor qaratdi. Ma’lum bolishicha, zo‘ravonlik sahnasi bor yoki faqat tinch epizodlardan iborat har qanday o‘yindan so‘ng ishtirokchilar tanasidagi stress darajasi pasaygan.
Biroq ishtirokchilarning stressni qanday qabul qilishi o‘zaro farq qilgan: zo‘ravonlik sahnalarini o‘ynagan ishtirokchilar o‘zlarini ko‘proq zo‘riqqan va tajovuzkor holatda his qilgan bo‘lsa, tinch va syujetli qismlarni o‘ynaganlar, aksincha, o‘zida yengillik paydo bo‘lganini bildirgan.
Tadqiqotda 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 82 nafar ko‘ngilli qatnashgan. Ulardan ko‘pchiligi videoo‘yinlarga qiziqadi va ularga haftasiga o‘rtacha 4–5 soat vaqt ajratadi. Tajriba boshlanishidan oldin, barcha ishtirokchilarda sun’iy yo‘l bilan stress chaqirilgan. Buning uchun maxsus “sovuq stress testi” (SECPT) o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, odam qo‘lini 4 daraja sovuq suvga solib, ushlab turadi. Bu organizmning yaqqol fiziologik va psixologik stress reaksiyalarini keltirib chiqaradigan umume’tirof etilgan uslubdir.

Shundan so‘ng ishtirokchilar ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi guruh o‘yindagi zo‘ravon sahnalarni, ikkinchi guruh esa tinch, syujetli epizodlarni o‘ynagan. O‘yin taxminan 25 daqiqa davom etgan.
O‘yin vaqtida va undan keyin ishtirokchilarning yurak urishi o‘lchangan, so‘lak namunasi olinib, stress gormoni — kortizol darajasi aniqlangan. Shuningdek, ishtirokchilarga maxsus so‘rovnomalar berilib, ular o‘zlarini qanday his qilgani haqida ma’lumotlar yig‘ilgan.
Natijada shunday xulosa qilingan: fiziologik tomondan, ya’ni yurak urishi va kortizol miqdori bo‘yicha, har ikki guruhda ham o‘yin stressni kamaytirgan, ya’ni videoo‘yin organizmni tinchlantirgan. Lekin odamlarning o‘zini qanday his qilishida farq bo‘lgan: zo‘ravon epizodlarni o‘ynaganlar o‘zlarini ko‘proq asabiy va zo‘riqqan deb aytgan, tinch sahnalarni o‘ynaganlar esa yengil tortganini bildirgan. Bu shuni anglatadiki, videoo‘yinlar psixologik yengillik berish vositasi sifatida foydali bo‘lishi mumkin.
Shuni ham aytish kerakki, bu tadqiqot faqat bitta o‘yin — A Plague Tale: Requiem’ga asoslangan. Boshqa o‘yinlar bunday ta’sir ko‘rsatadimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Chunki har xil janrdagi o‘yinlar odamga turlicha ta’sir qiladi.
Izoh (0)