Chekish — sog‘liqni asta-sekin yemiruvchi odat. Bugun sigareta yoki veyp (elektron sigareta)ni tanlayotgan har bir inson ertangi sog‘lig‘i, salohiyati va hayotining sifatiga qarshi xavfli qadam qo‘yayotganini tushunishi kerak. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron sigareta chekuvchi o‘smir va yoshlar soni katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p. 2023-yildagi reydlar vaqtida maktab o‘quvchilaridan mingdan ortiq elektron sigaretalar olib qo‘yilgan.
Sigaret umrni 10–15 yilga qisqartiradi
Tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muntazam chekish o‘rtacha umrni 10–15 yilga qisqartiradi. Har bir sigareta organizmga zarba bo‘lib, o‘pka saratoni rivojlanish xavfini 10 barobar, surunkali obstruktiv bronxit xavfini esa 6 barobar oshiradi.
Nikotin kuchli qaramlikka olib keladi
Nikotin — ruhiy va jismoniy qaramlikka olib keladigan modda. Undan voz kechish ko‘pchilik uchun nihoyatda qiyin. Shuning uchun chekmaslik eng yaxshi qaror.
Veyplar ham xavfsiz emas
Ko‘pchilik veyplarni zararsiz hisoblaydi. Aslida esa ular havoga tarqatadigan bug‘ tarkibida propilenglikol, glitserin va aromatizatorlar mavjud. Bu moddalarning allergiya, burun va ko‘z shilliq pardalarining yallig‘lanishi, hatto astmaga olib kelish xavfi bor. Xonada nikotinli veyp ishlatilsa, havodagi zararli moddalar sigaretadagidek darajada ko‘p bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar bunday muhitda ulg‘ayganda astmaga moyilligi keskin oshadi.
Chekish erkaklar salomatligiga ham zarar
Odatda homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga chekishni tashlash tavsiya etiladi. Ammo bu faqat ayollar emas, erkaklarga ham taalluqli. Chekish erkaklarda bepushtlik, zaiflik va DNK shikastlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa homiladorlikdagi asoratlar va tug‘ma nuqsonlarga olib keladi.
Chekish uyquni buzadi
Chekuvchilarda uyqu fazalari buziladi, ular tez-tez uyg‘onadi, biroq bu uyg‘onishlar odatda esda qolmaydi. Natijada charchoq, lanjlik paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, chekish uyqudagi nafas to‘xtab qolishi — apnoye xavfini ham oshiradi. Bu esa yurak, qon tomirlar va endokrin tizimga salbiy ta’sir qiladi.
Nikotin dorilar ta’sirini kamaytiradi
Chekish ko‘plab dori vositalarining samaradorligini kamaytiradi. Masalan, yurak kasalliklari va yuqori qon bosimi uchun beriladigan beta-blokatorlar chekuvchilarga kamroq ta’sir qiladi. Bu bemorlar ko‘proq doza talab qiladi. Shuningdek, nikotin qondagi qand miqdorini oshirib, diabetga qarshi dori vositalarini ham samarasizlantiradi. Ayniqsa, gormon dorilar bilan birgalikda chekish insult xavfini 20 barobar oshiradi.
Ko‘zlar ham chekishdan aziyat chekadi
Chekish ko‘zga ham jiddiy zarar yetkazadi. U nafaqat ko‘zlar qichishishiga, balki katarakta (ko‘z nurlanishining pasayishi) rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda operatsiya qilinmasa, ko‘rish qobiliyati butunlay yo‘qoladi. Bundan tashqari, chekuvchilarda rang ajratish, yuzlarni tanish qiyinlashadi va ko‘rish maydoni torayadi.
Chekish va veypning sog‘liq uchun xavflari
# | Ko‘rsatkich | Statistika | Izoh |
---|---|---|---|
1 | Umr qisqarishi | 10–15 yilga qisqaradi | Har bir sigareta organizmga zararli ta’sir ko‘rsatadi |
2 | O‘pka saratoni xavfi | 10 barobar yuqori | Chekuvchilarda chekmaydiganlarga nisbatan |
3 | Surunkali bronxit | 6 barobar yuqori xavf | Nafas yetishmovchiligi bilan kechadi |
4 | Apnoye (uyqudagi nafas to‘xtashi) | 2–3 barobar ko‘proq uchraydi | Yurak va miyada kislorod yetishmovchiligi xavfi |
5 | Erkaklarda jinsiy salomatlik | Zaiflikning pasayishi 20–30% | Bevosita nikotinga bog‘liq |
6 | Homiladorlikdagi asoratlar | Har 5-ayolda 1tasida chekish tufayli muammo | DNKga ta’sir qiluvchi zararlar ortishi |
7 | Veypdagi diatsetil | AQSHda 39% veyp suyuqligida aniqlangan | “Popkorn kasalligi” sababchisidir |
8 | Katarktaga chalinish xavfi | 2–3 barobar yuqoriroq | Chekuvchilarda yoshga bog‘liq ko‘rish qobiliyati pasayadi |
9 | Dori vositalari samarasi | 2 barobar kamroq | Beta-blokatorlar va antidiabetik dori ta’siri pasayadi |
10 | Insult xavfi (gormon + nikotin) | 20 barobar ortadi | Ayniqsa ayollarda, gormon terapiyasi fonida |
11 | Veyp bug‘idagi moddalar soni | 60 dan ortiq kimyoviy modda | Hatto nikotinsiz veyplarda ham aniqlangan |
12 | Pufakchali bronxiolit | Har 100 mingda 3–5 holat | Ammo xavf veypchilar orasida yuqori bo‘lib bormoqda |
Dunyo bo‘yicha har yili 8 million odam chekish bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etadi.
Har yili 1 milliondan ortiq bola passiv chekish qurboni bo‘ladi.
Veyplarda ishlatiladigan diatsetil moddasining xavfi dastlab popkorn ishlab chiqarish fabrikalarida aniqlangan.
Chekuvchi odamga ba’zi dori vositalari 2 baravar yuqori dozada kerak bo‘ladi — bu esa yon ta’sirlar xavfini oshiradi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasida ham Vazirlar Mahkamasining 290-sonli qarori bilan tamaki mahsulotlariga texnik reglament tasdiqlangan. 2025-yil 1-yanvardan kuchga kirgan hujjatda veyp va qizdirilagan tamakilar uchun bir qator talablar belgilandi:
- Bir marta ishlatiladigan veyp tarkibidagi nikotin o‘z ichiga olgan suyuqlik hajmi 5 ml dan oshmasligi kerak. Veyp kartridjlarida – 2 ml, flakonlarda – 10 ml bo‘lishi lozim.
- Texnik reglamentda veyp suyuqliklarida ishlatilishi mumkin bo‘lmagan moddalar ro‘yxati tasdiqlandi. Bular: diasetil, C va E vitaminlari, E vitamini asetati, kafein, taurin, guarana va boshqalar.
- Bundan tashqari, veyp qadoqlarida iste’molchilarni nikotinga qaramlik va ushbu mahsulot iste’moli natijasi zararli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi, qo‘rquvga soluvchi rasmlarni qo‘llash kerak bo‘ladi.
- Veyp suyuqliklarida nikotin miqdori bo‘yicha mavjud cheklov hisobga olingan holda – 1 ml uchun 20 mg qilib O‘zbekistonda belgilanganligi, veyp iste’molchilari xavfsizligini ta’minlab, “har tomonlama” tartibga solinmoqda deb ta’kidlash mumkin.
- Mamlakatdagi barcha veyp va qizdiriladigan tamakilarni sotuvga chiqarishdan oldin majburiy sertifikatlash, ya’ni xavfsizlik va sifatni tasdiqlash jarayoni amalga oshiriladi.
Shunga o‘xshash talablar (ba’zi tarkibiy qismlardan foydalanishni taqiqlash, qo‘rquvga soluvchi rasmlar va boshqalar) texnik reglament qizdiriladigan tamakiga nisbatan ham o‘rnatildi.
Izoh (0)