O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning “SSKA” klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettirishi mumkin. Mahalliy jurnalist Osman Altunterimning xabariga ko‘ra, Istanbulning “Bashakshehir” klubi 21 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini sotib olish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda va hozircha jarayon ijobiy kechmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fayzullayevning o‘zi ham “Bashakshehir”ga o‘tishga rozi bo‘lgan. Klublar ehtimoliy transferning moliyaviy jihatlari bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. Barcha shartlar kelishilgan taqdirda Fayzullayev Turkiya klubiga o‘tishi mumkin.
https://x.com/altunterimos1/status/1943588363895775339?s=46
Agar transfer amalga oshsa, Fayzullayev “Bashakshehir” safidagi ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. Avvalroq Istanbul klubi “Roma”dan Eldor Shomurodovni mavsum oxirigacha ijaraga olgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev o‘tgan mavsum “SSKA” tarkibida barcha musobaqalar doirasida 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining “armiyachilar” bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil yozigacha tuzilgan. Transfermarkt portali uning narxini 8 million yevroga baholagan.
Izoh (0)