Qozog‘istonning Qo‘stanoy viloyatidagi 17 ta qishloq aholisi spirtli ichimlik iste’molidan butunlay voz kechdi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.

Viloyatda mast holda sodir etilgan jinoyatlar soni 3,3 foizga kamaygan. Bunga “Madaniy jamiyat” loyihasi sabab bo‘lgan, uning doirasida 17 ta qishloq aholisi alkogoldan butunlay voz kechgan.
Loyiha jamoatchilik tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shahar va qishloqlarda jamoat komissiyalari tashkil etilgan, ularning tarkibiga fuqarolar, oqsoqollar, diniy ulamolar va mahalliy faollar kiradi. Ular spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan insonlarga yordam ko‘rsatib, ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi hamda tushuntirish ishlarini olib boradi, deydi Ichki ishlar vazirligi.
Yil boshidan beri sudlar tomonidan spirtli ichimliklarni, hatto uy sharoitida iste’mol qilishni ham taqiqlash bo‘yicha 2 600 ta qaror qabul qilingan. Shu orqali jamoat tartibini buzishga moyil shaxslar, oilaviy zo‘ravonlar va surunkali ichkilikbozlik kabi “xavfli guruhlar” ustidan nazorat kuchaytirilgan.
Ma’lumot uchun, “Madaniy jamiyat” loyihasi 2024-yil sentyabridan Qo‘stanoy viloyatida amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi jinoyatchilikning oldini olish, zararli odatlarga qarshi kurashish va sog‘lom madaniy muhitni shakllantirishdan iborat.
Izoh (0)