Veolia Energy Tashkent Shayhontoxur tumani Farobiy ko‘chasi hududidan o‘tuvchi quvur yuqori bosimda yorilgani yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, 2025–2026-yillar isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan jadvalga muvofiq, 10-iyul kuni soat 10:40 da TC-10 qozonxonasi hududida sodir bo‘lgan. M 0-16 va M 0-17 issiqlik kamerasi oralig‘ida, Olmazor tumanidagi Farobiy va Shifokorlar ko‘chalari kesishmasida joylashgan issiqlik tarmog‘i uchastkasida mexanik mustahkamlik sinovlari o‘tkazildi.
Sinovlar davomida diametri 800 mm bo‘lgan trubadan suv chiqishi kuzatildi. Ushbu issiqlik tarmog‘i uchastkasi 1989-yilda ekspluatatsiyaga topshirilgan.
Hodisa oqibatida yaqin atrofdagi do‘konlarga moddiy zarar yetgan — umumiy maydoni 8 m² bo‘lgan oyna vitrinalari singan. Yetkazilgan zarar qoplanadi. Avariya yuz bergan uchastka tezkorlik bilan lokallashtirildi hamda iste’molchilarni issiq suv bilan ta’minlash to‘xtatilmadi.
Tashkilot hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘qligini aytmoqda. Ammo FVV 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgani va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
Shu kabi holat 30-iyun kuni soat 12:50 larda Surxondaryo viloyatida ham kuzatilgan edi.
Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Bobotog‘” nasos stansiyasining 1-kollektori 7-uchastkasida diametri D-2850 mm bo‘lgan quvurda yorilish holati yuzaga kelgan. Natijada yuqori bosimli suv otilishi kuzatilgan.
Avariya yuzasidan zudlik bilan dastlabki choralar ko‘rilgan: 1-kollektordagi 3 ta nasos agregati faoliyati favqulodda to‘xtatilgan. Shundan so‘ng maxsus tezkor brigada hodisa joyiga yetkazilib, ta’mirlash ishlari olib borilgan. Soat 21:00 da ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangan va 21:20 da nasos agregatlari qayta ishga tushirilgan.
Izoh (0)