Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon—Buxoro yo‘lida daraxtlar kesilayotgani haqida videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Buxoro viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beynau avtomobil yo‘lining 218-228 km (20 km) qismida rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida qurilish taʼsir doirasiga tushgan jami 1824 tup mevali hamda manzarali daraxt qonunchilik talablari asosida holi hududlarga ko‘chirib o‘tqazilmoqda.
Taʼkidlanishicha, ushbu jarayon Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, 1824 tup daraxtning 151 tupi Boqiy Buxoro majmuasi hamda Yangi O‘zbekiston bog‘iga ko‘chirib o‘tqazilgan. Qolgan daraxtlarni ham xoli hududlarga ko‘chirish ishlari izchil davom ettirilayotgani qo‘shimcha qilingan.
“Maʼlumot uchun, A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beynau yo‘lida rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon davomida loyiha doirasiga tushgan barcha daraxtlar ekologik talablar va amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda yangi joylarga ko‘chirib o‘tqazilishi taʼminlanadi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yili 848 tup daraxt noqonuniy kesilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Ayovsiz kesilayotgan daraxtlar
Toshkent viloyatida 2 tup ko‘p yillik chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 mln so‘m zarar yetkazgani haqida xabar berilgandi. Xorazmda 4 tup pavlovniya daraxtini kesgan shaxs 27 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortilgandi.
Shuningdek, Surxondaryoda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishda qariyb 9,5 ming tup daraxt ko‘chirilishi mumkinligi aytilgandi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida 4 tup yong‘oq daraxtini kesgan shaxs tabiatga 247 mln so‘m zarar yetkazgandi.
Bundan tashqari, Jizzaxda tut daraxtlari kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 738 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Jizzax viloyatida esa 19 tup daraxt kesilishi oqibatida tabiatga 435 mln so‘mlik zarar yetkazilgani xabar qilingandi.
Bu bo‘yicha qonun
O‘zbekistonda daraxt kesganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan qonun 2024-yil 1-martdan kuchga kirgan.
Unga ko‘ra daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun:
- fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha edi),
- mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.
Izoh (0)