“Daryo”da e’lon qilingan maqoladan so‘ng 2023-yilda Xonobod shahrida o‘tkazilgan festival g‘oliblariga mukofot pullari to‘lab berildi. Bu haqda “Daryo”ga tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Bobur Urazaliyev ma’lum qildi.
17-dekabr kuni “Daryo”da “Madaniyat vazirligi “Dunyo sadolari” festivali g‘oliblarini ‘anjanchasiga’ kiydirdi” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Unda 2023-yilda “Dunyo sadolari” festivali doirasida Xonobod shahar Yoshlar markazida Madaniyat va turizm vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi tomonidan Yosh estrada xonandalari respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgani, g‘oliblar bir yarim yildan buyon va’da qilingan mukofot pullarini ololmayotgani ta’kidlangandi.
Sovrindorlarning ma’lum qilishicha, maqoladan so‘ng vazirlik masalaga jiddiy e’tibor qaratib, mukofot pullarini tushirib bergan.
Salkam bir yarim yildan buyon hal etilmayotgan murojaatimiz ijobiy yechim topganidan xursandmiz. 23-oktyabr kuni mukofot pullari to‘lab berildi. Buning uchun “Daryo” jamoasiga va muammoni yechib bergan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda vazirlik mutasaddilariga o‘zimizning minnatdorligimizni bildiramiz, deydi Bobur Urazaliyev.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan “Madaniyat vazirligi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yildagi istiqbolli rejalari” mavzusidagi matbuot anjumanida ushbu mavzuga to‘xtalib, muammo to‘liq yechilganini, g‘olib va sovrindorlarning plastigiga pullar tegishli tartibda tushirib berilganini bildirdi.
Izoh (0)