Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Yevroparlament aʼzolarini mamlakat ishlariga aralashmaslikka va unda sodir bo‘layotgan voqealarga xolis baho berishga chaqirdi.
“Biz mustaqil davlatmiz, shuning uchun jarayonlarimizga aralashishning hojati yo‘q”, dedi u.
Bir necha kun avval Yevroparlament Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (SDP) yetakchisi Temirlan Sultonbekovni qo‘llab-quvvatlab chiqqandi. U mahalliy saylovlar oldidan saylovchilarga pora berganlikda gumonlanib, ikki partiyadoshi bilan birga hibsga olingan edi. Shundan so‘ng Sotsial-demokratik partiya saylovda ishtirok etishdan chetlatildi.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, SDP aʼzolarining qilmishlari jinoyat bo‘lib, ularni kechirib bo‘lmaydi.
"Yevropada ular obyektiv omillarga eʼtibor bermay qaror qabul qilishadi" dedi Japarov.
Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston Yevropa davlatlari tajribasini o‘rganishga va ular bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi. “Biz bunday hamkorlikka ochiqmiz”, dedi u.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston hozir rivojlanishning muhim bosqichini boshdan kechirmoqda.
"Biz siz yuz yil avval boshdan kechirgan jarayonlarni boshdan kechirmoqdamiz, buni unutmang va biz sizlarga yetib olishga harakat qilmoqdamiz", dedi u Yevroparlamentga murojaat qilib.
Izoh (0)