Prezident Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda ozarbayjonlik adabiyotshunos va shoir Akif Bag‘irovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Akif Azalp taxallusi bilan tanilgan shoir Naxichevonda tug‘ilgan, ammo umrining katta qismini O‘zbekistonda yashab, ijod qilgan. Ozarbayjon xalqini o‘zbek adabiy muhiti bilan yaqindan tanitishda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. U ko‘plab o‘zbek shoirlari, adiblarining asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girgan. Xususan, yaqinda Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobini tarjima qilgan. Shoir xalqimizning shonli tarixi va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yutuqlaridan, xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan ilhomlanib yozilgan “O‘zbek kelayotir” qasidasi bilan ham mashhurdir.
Uchrashuvda Akif Bag‘irov yuksak hurmat va minnatdorlik ramzi sifatida Prezidentimizga o‘zi ozarbayjon tilida tayyorlagan “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobini taqdim etdi.
Kitobdan siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Mening Prezidentim” va “Millatparvar” kitoblaridan saralab olinib, shoir tomonidan ozarbayjon tiliga tarjima qilingan publitsistik esselar o‘rin olgan. U davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan asosiy islohot va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Unda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ijtimoiy sohani yaxshilash va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash masalalari yoritilgan.
Prezident shoirga o‘zbek adabiyotini Ozarbayjonda ommalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Boku shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP 29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi. Unda davlat rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev iqlim bo‘yicha sammit doirasida Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uchrashdi. O‘zbekistonning Yevropa ittifoqi bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston yetakchisi COP 29 sammiti doirasida Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda 2025-yil yanvar oyida Xelsinki shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev hamda Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovich o‘rtasidagi uchrashuvda hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida biznes forumi bilan birgalikda o‘tkazish taklif etildi.
O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso hamda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
13-noyabr kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbarlari “yashil” energiyani rivojolantirish va uzatish loyihasiga start berdi. Tadbirda so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qo‘shilayotgan hissa, kelgusi avlodlar oldidagi masʼuliyat tuyg‘usining natijasi ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, Boku shahriga amaliy tashrif doirasida 13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Izoh (0)