Agar AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng urushlarni to‘xtatsa, unga Nobel mukofotini berish kerak bo‘ladi. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
Uning eslatishicha, Tramp saylovoldi tashviqoti chog‘ida boshqa narsalar qatori Ukrainadagi mojaroni hal qilishga va’da bergan. “Agar u shunday qilsa, biz Nobel mukofoti uchun petitsiya yuboramiz”, deya Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “BelTA” agentligi. Belarus davlati rahbari Tramp “vaʼdalarini bajarishiga” umid bildirdi.
Shu bilan birga, Lukashenkoga ko‘ra, hammasi AQSHning saylangan prezidentiga bog‘liq bo‘lmaydi. Ukrainadagi jangovar harakatlarga barham berish uchun kamida ikki tomonning ishtiroki zarur, deb hisoblaydi Belarus rahbari. “Tramp Ukrainadagi urushni tugatishga harakat qiladi, ammo bu bir tomonlama muzokaralar emas, balki ko‘plab mamlakatlarga tegishli masala”, dedi Lukashenko.
Tramp Ukraina masalasini saylov kampaniyasi davomida asosiy masalalardan biriga aylantirdi. U, agar g‘alaba qozonsa, 2025-yil yanvarida inauguratsiyasidan oldin vaziyatni hal qilish rejalarini e’lon qiladi. Qo‘shma Shtatlarda birinchi ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, g‘alaba nutqi bilan tarafdorlariga murojaat qilgan Tramp “barcha urushlarni to‘xtatish” niyatini bildirdi, biroq aniq tashabbuslarni ilgari surmadi.
Izoh (0)