Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Isuzu avtobusi va Cobalt to‘qnashib, yonib ketdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Viloyat YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 4-noyabr kuni soat taxminan 07:00 larda Ohangaron tumani hududidan o‘tgan D 017 Olmaliq—Toshkent avtomobil yo‘lining 27-kilometrida sodir bo‘lgan.
Haydovchi D.B. Cobalt avtomobilini Olmaliq—Toshkent yo‘nalishida boshqarib ketayotganida ushbu joyda qayrilib olish mumkin bo‘lgan joydan qayrilib olayotgan haydovchi O.D. boshqaruvidagi Isuzu avtobusi bilan to‘qnashgan. To‘qnashuvdan so‘ng transport vositalarida qisqa tutashuv sodir bo‘lgani sababli yong‘in kelib chiqqan.
YTH natijasida Cobalt haydovchisi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan. Hozirda holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati FVB matbuot xizmatining bildirishicha, hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘q. Yong‘in haqida soat 07:14 da xabr kelib tushgan. Voqea joyiga ikkita yong‘in o‘chirish ekipaji soat 07:30 etib borib, yong‘in soat 07:37 da to‘liq o‘chirilgan.
Izoh (0)