Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi “16-gorbolnitsa go‘shtdan zaharlanganlar bilan to‘lmoqda” mazmunidagi video xabar tarqaldi. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bu bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ovqatdan zaharlanganlik bo‘yicha boshqarma hamda uning tuman bo‘limlariga shoshilinch xabarnoma kelib tushmagan.
Shuningdek, shifoxona va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan bog‘lanilganda video xabarda zaharlanganlik haqida ma’lumot bergan fuqaro tez yordam xodimi ekani va yolg‘on xabar tarqatgani aniqlandi. Xodim yolg‘on xabar tarqatgani tufayli prokuratura organi ushbu ishni ko‘rib chiqmoqda.
Bundan avval Toshkent shahrida bitta kafeda ovqatlangan 23 kishi zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
Ovqatdan zaharlanish holatlaridan jabrlanganlar
O‘zbekistonda 2024-yilning 1-choragida 18 ta ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, bunda 143 nafar fuqarolar jabrlangan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 600 millionga yaqin inson jabrlanadi. 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish natijasida vafot etadi. Ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi ishlab chiqarishdan tortib, yig‘ib olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatish, tayyorlash hamda iste’mol qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda muhim rol o‘ynaydi. Ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichida oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishi yoki zararlanishi xavfi mavjud bo‘lib, ularning xavfsizligi uchun har bir ishtirokchi – tadbirkor javobgar.
Izoh (0)