Toshkent shahar Olmazor tumanida mebel ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18-sentyabr kuni soat 07:26 da Olmazor tumani, Usta Shirin ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in qutqaruv ekipajlari tomonidan olov soat 07:58 da qurshab olinib, soat 08:56 da batamom o‘chirildi.
Hodisa natijasida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar yo‘q. Yong‘inni bartaraf etish jarayoni Toshkent shahar FVB boshlig‘i nazoratida amalga oshirildi. Ayni vaqtda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Bundan avval Toshkent viloyati, Zangiota tumani, “Erkin” MFYda joylashgan bo‘yoq ishlab chiqarish sexi binosida yong‘in sodir bo‘lgandi. Shuningdek, Andijondagi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in bir soatda o‘chirilgan edi.
Izoh (0)