Andijon shahrida 286,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan avtomobillarni yuvish shoxobchasi aniqlandi, deb xabar bermoqda Prokuratura departamenti axborot xizmati.
Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon shahar bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Fuqaro R.M. “Z.h.” MCHJga qarashli “Jumabozor” MFY hududida joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, jami 286,3 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Andijon viloyatida uchta isteʼmolchi 1 milliard 710 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangandi. Shuningdek, Toshkent va Namangan viloyatlarida elektrdan noqonuniy foydalanganlar 750 mln so‘mdan ziyod zarar yetkazgani, Farg‘onada 301 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan xususiy korxona aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)