Transport vazirligi Toshkentdagi avtobuslarning qanchasi bevosita ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan avtobuslarning belgilangan jadval asosida to‘liq yo‘nalishlarga chiqarilishi nazorat qilinmoqda. Yo‘lovchilarga munosib transport xizmati ko‘rsatilishini tashkil etish maqsadida bugun erta tongdan shaxsan transport vaziri va uning o‘rinbosarlari “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi avtobus saroylariga tashrif buyurib, yo‘nalishlarga avtobuslarning belgilangan jadval asosida chiqarilishini nazoratga oldi.
“Toshshahartransxizmat” tomonidan poytaxt bo‘yicha jami 163 ta avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan bo‘lib, yo‘nalishlarga umumiy hisobda 1556 ta avtobuslar harakatga chiqarildi. Ushbu avtobuslardan 1037 tasi bevosita ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi.
Qatnovlar orasidagi intervallar o‘rtacha 8-12 daqiqa bo‘lib, bu bekatlarda uzoq kutishlarning oldini oladi.
Avvalroq Toshkentda avtobuslar tezligi soatiga 50 km gacha cheklanayotgani haqida xabar berilgandi. Bunday choradan maqsad yo‘lovchilar xavfsizligini yaxshilash va baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish. Shuningdek, avtobus oynalariga cheklangan tezlik 50 km/soat ekanini bildiruvchi belgilar yopishtirilishi ma’lum qilindi. Hozirda shaharlar hududida ruxsat etilgan maksimal tezlik 60 km/soat hisoblanadi.
Izoh (0)