Xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Tuman hokimi lavozimiga Sherali Qosimov nomzodi tavsiya etildi va deputatlar tomonidan maʼqullandi.
Sherali Qosimov 1986-yili Namangan tumanida tug‘ilgan. 2010-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.
Faoliyati davomida viloyat moliya boshqarmasi turli vazifalarda mehnat qilgan, Namangan tumani moliya bo‘limi mudiri, Namangan tumani hokimi o‘rinbosari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
Yangi tayinlovga qadar Pop tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha To‘raqo‘rg‘on tumanini boshqarib kelgan Ahror Mansurov oldinroq Mingbuloq tumani hokimi etib tayinlangan edi.
Izoh (0)