Belarus harbiy mashqlar niqobi ostida Ukraina chegarasi yaqinida ko‘p sonli shaxsiy tarkib va harbiy texnika to‘pladi. Bu haqda razvedka ma’lumotlariga tayanib, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Gomel viloyatida, Ukrainaning shimoliy chegaralari yaqinida maxsus operatsiyalar kuchlari xodimlari, tanklar, artilleriya, reaktiv tizimlar va havo mudofaasi vositalari to‘plangan. Bundan tashqari, Belarus hududida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari ham kuzatilgan.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Belarus hukumatini “Moskva bosimi ostida fojiali xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka” va harbiy qo‘mondonlikni “do‘stona bo‘lmagan harakatlar”ni to‘xtatib, qo‘shinlarni Ukraina chegaralaridan olib chiqishga chaqirdi.
Chegara buzilgan taqdirda Ukraina “o‘zini himoya qilish choralari”ni ko‘rishi, Belarus qo‘shinlarining to‘planishi esa “Ukraina Qurolli kuchlari uchun qonuniy nishon”ga aylanishi haqida vazirlik ogohlantirdi.
Ukraina hech qachon Belarus xalqiga qarshi hech qanday nodo‘stona harakatlar qilmaganini va qilmasligini ta’kidlaymiz, deyiladi bayonotda.
18-avgust kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko armiyaning deyarli uchdan bir qismi Ukraina chegarasiga ko‘chirilganini ma’lum qildi. U, shuningdek, Brestdan Grodnogacha mudofaa istehkomlari qurilayotgani haqida xabar berdi.
Izoh (0)