Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov sog‘lig‘i tufayli lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Botir Zokirov 1963-yilning 28-iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1980-yilda Toshkent instrumental zavodida mehnat faoliyatini boshlagan. 1985—1990-yillarda “Toshsantexmontaj” trestida ishlagan. 1990-yilda esa “12-trest” qurilish shirkatida ish boshlab, bu yerda chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha ko‘tarilgan. 2011-yilda prezident farmoni bilan bosh vaziri o‘rinbosari — Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangan.
Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 14-dekabrdagi farmoniga muvofiq, Botir Zokirov Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangandi. 2019-yil 31-avgustda esa davlat rahbarining farmoniga muvofiq, Botir Zokirov Qurilish vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Izoh (0)