AQSHing yirik kasaba uyushmalari mamlakat prezidenti Jo Baydenning saylovoldi kampaniyasi rasmiylaridan sobiq prezident Donald Trampni mag‘lub etish rejasini taqdim etishni talab qildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
10-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yopiq yig‘ilishda mamlakatning aksar mehnat yetakchilari, xususan, Baydenning qizg‘in tarafdorlari Bayden saylovoldi kampaniyasi rasmiylaridan ularga Trampni mag‘lub etish rejasini taqdim etishni qayta-qayta so‘rashdi, — deb yozadi nashr.
Bu masala bo‘yicha styuardessalar assotsiatsiyasi prezidenti Sara Nelson va Birlashgan avtomobil sanoati uyushmasi prezidenti Shon Feyn eng qat’iy talab bilan chiqqan. Nashrga ko‘ra, ular Baydenning kasaba uyushmalari orasidagi eng yirik ittifoqchilaridir.
Suhbatlardan xabardor demokrat amaldorlardan biri yuqori lavozimdagi saylovoldi tashviqoti xodimlarining aksariyati tushkunlikka tushib, oldinga yo‘lni ko‘rmayotganini ta’kidlagan.
AQSH prezidentligiga da’vogarlar Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi ilk debat 28-iyun kuni Atlantada bo‘lib o‘tgan edi. Bayden debat davomida duduqlanib, fikrlarini aniq ifoda eta olmagan va bahs oxirida rafiqasi Jill yordamida sahnadan tushgan.
Amerikalik siyosatchilar va jurnalistlar Demokratik partiya Baydendan voz kechib, boshqa nomzod ko‘rsatishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bayden va Trampning ikkinchi debati 10-sentyabrga belgilangan. AQSHda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Izoh (0)