Buxoro shahrida ko‘p qavatli uylarni qurish bilan shug‘ullanib kelgan “Huma Aziya” MCHJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Humo Aziya” MCHJ rahbari Jamshid Karimov tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda sodir etilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayblanuvchi tomonidan Buxoro shahrining Islom Karimov hamda Sadriddin Ayniy ko‘chalarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni sotib olish uchun shartnoma imzolagan va tergov organi tomonidan bugungi kunga qadar tegishli tartibda jabrlanuvchi sifatida eʼtirof etilmagan fuqarolar zudlik bilan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga murojaat qilish so‘raladi.
Murojaat uchun telefon: (65) 222-59-00, (91) 244-40-40, (91) 401-07-02.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi qurilgan ko‘p qavatli uy ichidan darz ketgani haqida xabar berilgandi. Qurilish vazirligi ushbu bino ko‘p kvartirali uy-joy sifatida qurilish me’yor va talablari asosida qurilmaganini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Izoh (0)