Qozog‘istonning Atirau viloyatida 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yashin urishi oqibatida halok bo‘ldi, deya Tengrinews xabar berdi.
Fojia 25-iyun kuni Usenov ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Tengrinews xabariga ko‘ra, egasiz uyni yashin urishi natijasida yong‘in kelib chiqqan. Yong‘inni o‘chirish uchun uch kishi va bitta texnikadan iborat o‘t o‘chirish brigadasi jalb qilingan. Keyinchalik uyda odam borligi aniqlangan.
Marhum 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 28-may kuni Qozog‘istonga kelgan va Miyali qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyida vaqtincha ro‘yxatga olingan.
Yashin urishi vaqtida u qurilayotgan uyning oshxonasida bo‘lgan. Jasadni ko‘zdan kechirish chog‘ida yashin urishi izlaridan boshqa hech qanday jarohat topilmagan. Jasad sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun tuman shifoxonasi o‘likxonasiga topshirilgan.
Izoh (0)