Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionatining F guruhida Portugaliya terma jamoasi Turkiya ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Portugaliya termasining hujumchisi Krishtianu Ronaldu 56-daqiqada Brunu Fernandeshga golli uzatmani amalga oshirdi. Shu tariqa 39 yosh va 138 kunlik Krishtianu turnir tarixida assistni amalga oshirgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi.

Shuningdek, portugaliyalik futbolchi o‘zining 6-Yevropa Chempionatidagi 7-golli uzatmasiga mualliflik qildi. Bu ham turnir rekordi hisoblanadi. Bundan avval Ronaldu chexiyalik futbolchi Karel Poborski bilan bir xil natija qayd etgandi (ikkalasida ham 6 tadan assist bor edi).
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu 14 ta gol bilan Yevrolar tarixidagi eng yaxshi to‘purar ham hisoblanadi.

Krish Turkiyaga qarshi o‘yindan so‘ng yana bir rekordni qayd etdi. Bu Ronaldu uchun Yevropa Chempionatlaridagi 14-g‘alabaga (penaltilar seriyasida zafar quchilgan o‘yinlardan tashqari) aylandi. Haligacha hech bir futbolchi ushbu musobaqada buncha ko‘p g‘alaba qozonmagan.
Izoh (0)